Xizmatlar
E'lonlar
To‘siqlarni Bartaraf Etib: O‘zbekiston Transport Sohasida Ayollar Bandligini Kengaytirish Va Gender Tengligini Ilgari Surish
16-01-2026 122
Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston transport sohasida ayollarning ishtiroki ayrim kasblarga egalik qilishni cheklovchi qonun bilan chegaralangan. Asosiy to‘siqlardan biri ayollarga 14 o‘rindan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan transport vositalarini, shuningdek yuk ko‘tarish quvvati 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini boshqarishni taqiqlovchi me’yorlar bor edi. Ushbu cheklovlar ayollarning avtobus yoki og‘ir yuk mashinalari haydovchisi sifatida ishlashini imkonsiz qilib, an’anaviy ravishda erkaklar ustun bo‘lgan sohada gender nomutanosibligini kuchaytirgan.
Mavjud muammolarni chuqur tahlil qilgan holda, BMT Taraqqiyot Dasturi va GEF tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “Toshkent – past uglerodli transport vositalariga investitsiyalarni jadallashtirish” (TAILEV) loyihasi doirasida tadqiqotlar o‘tkazildi. Tadqiqotlar ayollarning transport sohasida faoliyat yuritishga bo‘lgan qiziqishi, ko‘nikma yoki salohiyat yetishmasligi emas, balki aynan huquqiy cheklovlar asosiy to‘siq bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatdi. Shundan so‘ng loyiha Transport vazirligi bilan yaqin hamkorlikda ushbu to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarni boshladi va qo‘llab-quvvatladi.
Mazkur islohotlar gender tengligiga oid kengroq milliy majburiyatlarga mos edi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririga ko‘ra, ayollar va erkaklar teng huquqlarga ega bo‘lib, davlat va jamoat boshqaruvi hamda ijtimoiy va davlat hayotining barcha sohalarida ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanadi.



Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-sonli “Ayollarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ayollarning ayrim soha va kasblarda ishlashiga doir cheklovlarni bekor qilish belgilangan. Ushbu muhim siyosiy qarorlar transport sohasida ayollarning bandligiga to‘sqinlik qilib kelgan uzoq yillik taqiqlarni olib tashlash uchun huquqiy asos yaratdi.
Davomli islohotlar natijasida, xususan transport sohasiga taalluqli barcha qonunchilik cheklovlari 2024-yilda to‘liq bekor qilindi va ayollarga avtobus hamda og‘ir yuk mashinalari haydovchisi sifatida qonuniy ishlash yo‘li ochildi. Bu islohot 2024-yil 12-fevraldagi 85-sonli Hukumat qarori bilan rasman mustahkamlandi va ayollarning avtobuslar hamda og‘ir transport vositalarini boshqarishiga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi.
Mazkur tarixiy qaror O‘zbekiston transport sohasi uchun muhim bosqich bo‘lib, hukumatning gender tengligi, inklyuziv mehnat bozori va teng bandlik imkoniyatlariga sodiqligini yaqqol namoyon etdi.
Qaror qabul qilinganidan so‘ng, “Toshkent Bus Company”da mamlakat tarixida ilk bor ikki nafar ayol avtobus haydovchisi ishga qabul qilindi. Bu yutuq uzoq yillik gender stereotiplarining o‘zgarayotganini ramziy tarzda ifodalab, aniq siyosiy islohotlar ayollar uchun real bandlik imkoniyatlariga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan bir qatorda, loyiha ayollarning ushbu yangi imkoniyatlardan amalda foydalana olishini ta’minlashga ham e’tibor qaratdi. Gender tengligini ta’minlash tamoyillariga muvofiq, BMT Taraqqiyo Dasturi va Transport vazirligi jamoat transporti sohasida ishlashga qiziqqan ayollar uchun salohiyatni oshirish va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladi.
BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujiining Transport vazirligiga rasmiy tashrifi davomida Transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida ayol avtobus haydovchilarini tayyorlash va o‘qitishni birgalikda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq kelishuvga erishildi. Amaldagi TAILEV loyihasi doirasida 50 nafar ayol loyiha mablag‘lari hisobidan professional avtobus haydovchilari tayyorlash kurslarida o‘qitilishi belgilandi.



Bugungi kunga qadar 20 nafar ayol o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, vakolatli imtihon markazlarida rasmiy imtihon topshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, “D” toifali haydovchilik guvohnomasini olganidan so‘ng, ular professional avtobus va og‘ir yuk mashinalari haydovchisi sifatida ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘quv kurslarini tamomlaganlik sertifikatlari Transport xodimlarini tayyorlash instituti direktorining o‘rinbosari Sherzod Ergashev va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ishtirokchilar ushbu muhim bosqich bilan tabriklanib, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi. Shuningdek, ushbu 20 nafar ayolning yutuqlari yaqin kelajakda yana ko‘plab ayollarni ushbu kasbni tanlashga ilhomlantirishi ta’kidlandi.
E’tiborlisi, huquqiy to‘siqlarning olib tashlanishi ayollar uchun shahar avtobus xizmatlaridan tashqari sohalarda ham kengroq bandlik imkoniyatlarini yaratdi. O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sib borar ekan va xalqaro savdo kengayib borayotgan bir paytda, yuk tashish va logistika sohasida professional haydovchilarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ushbu islohot ayollarga nafaqat jamoat transportida, balki ichki va xalqaro yuk tashish sohalarida ham ishtirok etish imkonini berib, transport sohasidagi bandlik yo‘nalishlarini sezilarli darajada kengaytirdi.
Mazkur o‘zgarishlar O‘zbekiston transport sektorida gender inklyuzivlik sari tizimli burilishni aks ettiradi. Siyosiy islohot sifatida boshlangan jarayon real natijalarga aylandi - ayollar yangi kasblarga kirib bormoqda, texnik ko‘nikmalarni egallamoqda va barqaror hamda past emissiyali transport tizimlarining rivojiga hissa qo‘shmoqda.
Ushbu tashabbus BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar ayollar uchun qulay muhit yaratish, munosib mehnatni rag‘batlantirish va an’anaviy ravishda erkaklar ustun bo‘lgan sohalarda gender tengligini ilgari surishda qanchalik muhim rol o‘ynashini yaqqol namoyish etadi. Huquqiy to‘siqlarni bartaraf etish, salohiyatni oshirishga sarmoya kiritish va kuchli institutsional hamkorlikni rivojlantirish orqali BMT Taraqqiyot Dasturi/GEF tomonidan qo‘llab-quvvatlangan loyiha O‘zbekistonda uzoq muddatli ijtimoiy inklyuziya va yanada adolatli mehnat bozorini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
